None

21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun!


Tilga e’tibor — elga e’tibor!

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filialida 21-oktabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi munosabati bilan “Tilga e’tibor — elga e’tibor” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirni filial direktori, professor N. Ishonkulov ochib berib, o‘zbek tilining milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va madaniyatimizni ifodalovchi bebaho qadriyat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ona tilimizning jamiyat hayotidagi o‘rni, uning nufuzini yuksaltirish, sofligini asrash va kelajak avlodga boy ma’naviy meros sifatida yetkazish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi dotsentlari M. Hazratqulov hamda A. Xo‘jamqulovlarning o‘zbek tilining tarixi, bugungi taraqqiyoti, milliy qadriyatlarimizni saqlashdagi o‘rni va yoshlar nutq madaniyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.

Tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan ona tilimizni ulug‘lovchi she’rlar, ifodali chiqishlar va ma’naviy mazmunga boy ijodiy namoyishlar taqdim etildi. Ushbu chiqishlar ishtirokchilarda ona tiliga bo‘lgan mehr, ehtirom va faxr tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Mazkur tadbir yosh avlod qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, o‘zbek tiliga hurmatni kuchaytirish hamda uning boy imkoniyatlarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ona tilimiz — millatimiz ruhi, o‘zligimiz timsoli va kelajagimiz poydevoridir! Uni asrash, qadrlash va ravnaq toptirish har birimizning sharafli burchimizdir.