Xalqaro talabalar kuni muborak bo'lsin!
Talabalik – inson hayotidagi eng unutilmas, imkoniyatlarga boy va mas’uliyatli davrlardan biridir. Aynan shu yillarda inson o‘zining kelajakdagi maqsadlarini belgilaydi, bilim va tajriba orttiradi, hayotda munosib o‘rin egallash uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Sizlar bugunning talabalari, ertangi kunning yetuk mutaxassislari, ilm-fan namoyandalari va mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yangi avlod vakillaridirsiz.
Unutmang, universitet sizga nafaqat bilim, balki katta imkoniyatlar eshigini ham ochadi. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish esa, avvalo, o‘z qo‘lingizda.
Xalqaro talabalar kuni - bu kunning bayram sifatida nishonlanishi zamirida yosh avlod kelajagiga bo'lgan e'tibor, talabalarning yuqori marralarga erishishlariga bo'lgan yuksak ishonch namunasidir.
AZIZ TALABA!
Quyida berilayotgan TOP 5 ta maslahat qachonlardir talaba bo'lgan va bugun sizning muvaffaqiyatga erishishingizni chin dildan istayotgan insondan:
1. Bir o'zingiz uchun emas, millat kelajagi uchun tahsil olayotganingizni unutmang!
Bugun oldingizda juda katta mas'uliyat turibdi. Ota-onaningiz farzandining kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilayotgan bir vaqtda biror lahza o'qishda sustkashlik qilishga haqqingiz yo'q!
2. Vaqtingizni shunchaki mazmunli o'tkazishga emas, har daqiqada aqlan va jismonan o'sishga harakat qiling!
Bugun o'z fikrini erkin bayon qila oladigan, xorijiy tillarni mukammal biladigan va o'z ustida tinimsiz ishlaydigan kadr hammaga kerak. Vaqtingizni behuda narsalarga sarflamang!
3. Qo'lingizdagi gadjet foydangizga ishlasin!
Qisqa videolar diqqatingizni tez bo'linuvchan qilib qo'yadi.
4. Har kuni kamida 1 soatingizni foydali bilimlar o'rganishga sarflang va buni kundalik odatga aylantiring!
Bir tomchi suv toshni yora olmasligi mumkin, ammo u muntazam oqib tursa toshni ham yorib o'tadi.
5. Yoshlikni g'animat deb biling!
Hozirgi kuchingiz va g'ayratingiz hech qachon qaytib kelmaydi. Dunyodagi eng kuchli muvaffaqiyatga erishgan insonlar yoshligini faqat va faqat bilim olishga, o'rganganlarini amaliyotda mustahkamlashga intilishgan. Keyingi dunyo tanigan muvaffaqiyatli inson - SIZ bo'ling!
Xalqaro talabalar kuni muborak bo'lsin!
Hurmat bilan,
Nizomjon Ishonkulov
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filiali direktori, professor