None

Yurak ritmi ortidagi sirlar: bo‘lajak shifokorlar kardiologiyaning dolzarb masalalarini o‘rgandilar


Bugun Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filialida Tibbiy-biologik fanlar kafedrasi tashabbusi bilan “Bo‘lmachalar fibrillyatsiyasi: tashxis, insult xavfini baholash (CHA₂DS₂-VA), antikoagulyant terapiya. Supraventrikulyar taxikardiyalar va WPW sindromi. Qorinchalar aritmiyalari va to‘satdan yurak o‘limi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarning asosiy maqsadi bo‘lajak shifokorlarning yurak ritmi va o‘tkazuvchanligi buzilishlariga oid nazariy bilimlarini chuqurlashtirish, zamonaviy diagnostika va davolash usullari bo‘yicha amaliy tushunchalarini kengaytirish, shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan klinik yondashuvlar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati mintaqaviy filiali mutaxassisi I. Xamidov ishtirok etib, seminar mavzusi yuzasidan batafsil ma’ruza qildi.

Ma’ruza davomida bo‘lmachalar fibrillyatsiyasining kelib chiqish sabablari, klinik belgilari, diagnostika mezonlari, insult xavfini CHA₂DS₂-VA shkalasi yordamida baholash hamda antikoagulyant terapiyaning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, supraventrikulyar taxikardiyalar, WPW sindromi, qorinchalar aritmiyalari va to‘satdan yurak o‘limining oldini olishga qaratilgan zamonaviy tibbiy yondashuvlar muhokama qilindi.

Seminar davomida talabalar ham faol ishtirok etib, o‘zlarining ilmiy izlanishlari va taqdimotlari orqali mavzuning muhim jihatlarini yoritib berdilar. Jumladan:
🔹 Jo‘raqulova Hadichabonu — Davolash ishi yo‘nalishi, 124-guruh talabasi.
Mavzu: “Yurakning o‘tkazuvchi tizimi: anatomo-fiziologik asoslar — aritmiyalarni tushunish kaliti”.
🔹 Jumaboyev Laziz — Davolash ishi yo‘nalishi, 224-guruh talabasi.
Mavzu: “Avtomatizm, o‘tkazuvchanlik va aritmiyalar qanday paydo bo‘ladi?”.

Talabalarning taqdimotlari yurakning o‘tkazuvchi tizimi, uning fiziologik xususiyatlari, yurak ritmining shakllanish mexanizmlari hamda turli aritmiyalarning kelib chiqish sabablarini ilmiy jihatdan tushunishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob oldilar. Nazariy bilimlarning klinik amaliyot bilan uyg‘unlashtirilishi bo‘lajak tibbiyot mutaxassislarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Mazkur ilmiy-amaliy seminar talabalarning klinik fikrlash qobiliyatini shakllantirish, zamonaviy kardiologiya yutuqlaridan xabardorligini oshirish hamda oliy ta’lim va amaliy tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.